O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Hozirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari rivojlanib, iqtisodiy, madaniy va diplomatik sohalarda faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy – O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik tobora kengaymoqda. Shu bilan birga, madaniy aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda. Buning yaqqol dalili sifatida O‘zbekiston fuqarolarining Xitoyga safarlari sonining keskin ortganini ko‘rsatish mumkin.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2025 yilning biinchi yarmida 14,6 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi statistikaga nisbatan 6,9 ming nafarga yoki 88,5 foizga oshgan.
2025 yilning birinchi yarmida Xitoyga safar qilgan O‘zbekiston fuqarolari quyidagi maqsadlar bo‘yicha taqsimlangan: sayohat – 11 ming 390 nafar, qarindoshlarni yo‘qlash – 2 ming 89 nafar, xizmat yuzasidan – 595 nafar, ta’lim – 521 nafar, davolanish uchun 23 nafar.
Mazkur raqamlar turizmning eng yetakchi maqsad bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Xitoyning tarixiy yodgorliklari, zamonaviy shaharlari va tabiiy go‘zalliklari o‘zbekistonlik sayyohlarni tobora ko‘proq jalb qilmoqda. Shuningdek, qarindoshlarni yo‘qlash bo‘yicha safarlar sonining yuqoriligi Xitoyda yashovchi yoki ishlayotgan o‘zbekistonliklar sonining ortib borayotganidan darak beradi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning kengayib borayotgani fuqarolar harakatida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2025 yilning birinchi yarmida Xitoyga safar qilgan o‘zbekistonliklar sonining deyarli ikki barobarga oshgani – bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA