Ostonada harbiy sportchilarimiz muvaffaqiyatga erishdi

104

Qozog‘istonning Ostona shahrida ilk bor harbiy sportchilar o‘rtasida “Qozoq kurashi” bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi jahon chellenji musobaqasida o‘zbekistonlik kurashchi-yoshlar 14 ta medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur musobaqada erishilgan natijalar Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik shodiyonasiga chinakam tuhfa bo‘ldi.

25 ta davlatning 100 nafarga yaqin eng kuchli harbiy xizmatchilari qatnashgan musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi faol ishtirok etib, 3 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medaliga egalik qildi.

Vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilgan harbiy sportchilarimiz umumjamoada 2-o‘rinni egalladi.

Ostona kurash maydonida muvaffaqiyatga erishgan sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida harbiy xizmatchilar, sport mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA