Dunyoning eng kuchli harbiy triatlonchilari Samarqandda bellashmoqda
Samarqand shahrida sportning triatlon turi bo‘yicha harbiylar o‘rtasida 25-jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM), O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi hamda Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida yurtimizda ilk bor tashkil etilgan chempionat oldidan bugun matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Alisher Narbayev, xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) Bosh kotibi Roberto Rechchiya va musobaqa hakamlari mazkur musobaqaning ahamiyati, sportchilarning tayyorgarlik jarayoni hamda chempionat dasturi haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Triatlon olimpiya sport turlari jumlasiga kiritilgan bo‘lib, bu faqatgina sport emas, balki inson imkoniyatlarining chegarasini sinovdan o‘tkazuvchi yo‘ldir, – deydi A.Narbayev. – Uch sport turini jamlagan mazkur sport mashg‘ulotining bir bosqichi sportchidan nafaqat jismoniy kuch, balki ruhiy barqarorlikni talab qiladi. Mazkur chempionatning O‘zbekistonda o‘tkazilishi sporchilarnigina emas, dunyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun musobaqa o‘tkaziladigan hudud jahon standartlari asosida tayyorlandi hamda sportchilarga zarur sharoitlar yaratildi.
Musobaqada dunyoning 13 davlati – O‘zbekiston, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Sloveniya, Shveysariya, Qatar, Rossiya, Eron, Portugaliya va Qozog‘istondan 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda. Bellashuvlar ikki toifada – yakkalik va jamoaviy guruhlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Sportchilar 750 metrga ochiq suv havzasida suzish, 19 kilometr velopoyga hamda 5 kilometr yugurish bosqichlarida kuch sinashadi.
Matbuot anjumanida xalqaro harbiy sport kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan sportchilar ham jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
– Triatlon bo‘yicha jahon chempionatida chempionlik va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman, – deydi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi a’zosi Alina Hakimova. – Xususan, 2021 yilda Ispaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 13 ta terma jamoa orasida jamoaviy bahsda ikkinchi, yosh toifasida birinchi o‘rinni egallaganman. Samarqandda o‘tkazilayotgan ushbu chempionatga Qirg‘izistonda katta tayyorgarlik olib bordik. Albatta, o‘zim tug‘ilib o‘sgan viloyatda ham yuqori natija ko‘rsatishni maqsad qilganman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari