Germaniya-O‘zbekiston: Sport tibbiyotida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

130

Shu kunlarda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan germaniyalik sport tibbiyoti sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis Simon Brosseder O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojiddinov va boshqa mutaxassislar bilan muloqot davomida germaniyalik mutaxassis O‘zbekiston va Germaniya sport tibbiyotidagi o‘ziga xosliklar haqida so‘z yuritib, poytaxtimizda bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasidagi shart-sharoitlar, Davlat sport tibbiyoti va ilmiy-amaliy markazi faoliyati xalqaro talablarga javob berishini qayd etdi.

Mamlakatimizda sportchilar sog‘lig‘ini mustahkamlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari xususida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, germaniyalik mutaxassis O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda futbolchilarning tiklanishi, ularning salomatligini nazorat qilish borasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA