Tramp Ukrainaga hududlarini qaytarmoqchi
AQSH Prezidenti juma kuni Vladimir Putin bilan Alyaskada bo‘ladigan uchrashuvda Ukrainaga ayrim hududlarni qaytarish masalasi ham muhokama qilinishini bildirdi.
– Rossiya egallagan keng hududning bir qismini Ukrainaga qaytarishga harakat qilamiz, – dedi u Oq uyda. Donald Tramp bu uchrashuvni “tanishtiruv” deb atab, “yer almashinuvi” ehtimoli borligi haqida gapirdi.
Tramp ta’kidlashicha, agar Putin “adolatli kelishuv” taklif qilsa, avvalo Vladimir Zelenskiy bilan gaplashadi, so‘ngra Yevropa yetakchilarini vaziyatdan xabardor qiladi.
Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas Ukraina ishtirokisiz hech qanday bitim amalga oshmasligini aytgan. Zelenskiy ham Kiyevdan tashqarida kelishilgan bitimlarni “jonsiz qaror” sifatida baholagan.
Chorshanba kuni Zelenskiy, Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va YeI yetakchilari Moskvaga bosim masalasini virtual uchrashuvda muhokama qilishi rejalashtirilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA