Iordaniya ishbilarmon doiralari O‘zbekistondagi investitsiya muhiti bilan batafsil tanishtirilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Safar doirasida qator uchrashuv va muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, ushbu arab mamlakati investitsiya vaziri doktor Toriq Abu G‘azoliy bilan kechgan uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etish hamda qulay biznes muhiti yaratish bo‘yicha tajriba almashildi.

Iordaniya sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yorub Qudah bilan ham samarali uchrashuv tashkil etilib, savdo hajmini oshirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita aloqa yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasi va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mahorat almashinuviga alohida e’tibor qaratildi. Muloqotning asosiy natijasi sifatida o‘zaro Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini tayyorlashga kelishib olindi.

Dasturga muvofiq, mezbon mulozimlar — raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlik vaziri Sami Sumayrat, Qirol Husayn nomidagi biznes bog‘i bosh direktori Umar Iziddin, Sanoat palatasi raisi muhandis Fathiy Jagbir, shuningdek mamlakatning yetakchi kompaniyalari — “National Arab Mining”, “Zarhat”, “Arab Pesticides and Veterinary Drugs Manufacturing”, “Jordan Phosphate Mines”, “Grow Tech”, “Classic Fashion Apparel Industry” kabi korxonalar rahbarlari bilan ham muzokara o‘tkazildi.

Kun yakunida Iordaniya Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda farmatsevtika, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari sohalarida faoliyat yurituvchi 20 dan ziyod jamoa ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu davlat ishbilarmon doiralari respublikamiz investitsiya muhitiga doir amaliy jihatlar bilan batafsil tanishtirildi. Istiqbolli tayyor loyihalar taklif etildi, sheriklikning aniq yo‘nalishlari kelishib olindi.
G.Sattorova, O‘zA