O‘zbekistonga yarim yilda 5,3 mln nafardan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurgan

124

Yurtimizda 2025 yilning birinchi yarmi turizm sohasi uchun yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida qariyb 5,3 million nafar xorij fuqarosi mamlakatga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 millionga ko‘p bo‘lib, 48,9 foizlik o‘sish demakdir.

Turistlar kelish maqsadlariga ko‘ra, quyidagicha taqsimlangan:

Qarindoshlarni yo‘qlash — 3 596 799 nafar (umumiy oqimning qariyb uchdan ikki qismi);

Sayohat — 783 696 nafar;

Xizmat safari — 594 023 nafar;

Tijorat — 223 581 nafar;

Davolanish — 48 557 nafar;

O‘qish — 9 546 nafar.

Ekspertlar fikricha, bunday o‘sishga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, vizasiz rejim yaratilgan mamlakatlar soni ortishi, avia va temiryo‘l qatnovlarining ko‘payishi, turistik infratuzilma rivoji, xalqaro ko‘rgazma va reklama kampaniyalarining faolligi kabi omillar sayyohlar oqimini oshirgan.

Mutasaddilar yil oxiriga qadar turistlar soni yanada ortib, mamlakat turizm sohasi rekord ko‘rsatkichga erishishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu esa ichki xizmatlar bozori faolligi, mehmonxonalar bandligi va yangi ish o‘rinlari yaratilishida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda.

H.Bayanov, O‘zA