Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov Ozarbayjon Respublikasi “Farchitects” kompaniyasi direktori F.Safguliyev bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida investor tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, xususan, Orolbo‘yida zamonaviy bog‘cha va maktab binolarini qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Ozarbayjonlik investor tomonidan taklif etilgan ushbu loyihalar Qoraqalpog‘istonda ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ularning to‘liq beg‘araz (homiylik asosida) amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, belgilangan loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashishdi.

***
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Prezidentning qobiliyatli farzandlari” Milliy dasturiga qabul imtihoni bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 mayda “Prezident iqtidorli farzandlari tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi yuzasidan ilk bor qabul imtihonlari tashkil etildi.
Ushbu imtihonlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 3 ming 281 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Mo‘ynoq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlandi.
Jumladan J. B. fuqaro A. R. ga 140 ta kapsuladagi “Molecule Plus” nomli inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1,4 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Uning yonidan sotish maqsadida olib kelingan 6 turdagi jami 886 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri