Uzumzorda hosil mo‘l
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida hozirda bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 61 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi mavjud bo‘lib, 1046 gektar maydonda mevali bog‘lar tashkil qilingan.
Joriy yil bahor mavsumining o‘zida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 76 gektar yerda intensiv bog‘ yangidan barpo etildi.
Yoshlar agentligi hamda tuman agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari tashkil etgan bog‘larda ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
– 2019 yili 12 gektar yerga uzumning toifi navini ekkanmiz, – deydi “Mang‘it omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azimjon Jumamuratov. – Agrotexnik qoidalarga mos parvarish qilingan ko‘chatlar yaxshi rivojlandi. Hozirgi kunda esa uzumzordan ko‘zlanganidek, mo‘l hosil yetishtiryapmiz.
Xo‘jalik a’zolari o‘tgan yili uzumzordan 180 tonna hosil oldi. Shundan 140 tonnasini chet davlatlarga eksport qilishga erishdi. Ayni vaqtda bog‘da uzum pishib yetilgan, yig‘im-terim ishlari boshlanish arafasida.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA