Yangi prokuror Mo‘ynoq tumanidagi ishlar bilan tanishdi

109

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh. Aminov tomonidan Mo‘ynoq tumanida ijtimoiy va iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli o‘rganildi.

Xususan, “qizil” toifadagi “Qizil jar” ovul fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi, mahalla faollari va nuroniylar bilan uchrashib, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va oldini olish, aholi bandligini ta’minlash, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish borasida qilingan ishlar bilan tanishdi.  Shuningdek,  kelgusida ishlarni samarali tashkil etish va ijobiy natijalarga erishish maqsadida hamkorlikdagi vazifalar belgilab olindi.

So‘ngra,  ushbu mahallada barpo etilayotgan ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘lib, olib borilayotgan qurilish jarayonlarida jamoatchi nazoratchilarning rolini kuchaytirish, qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakuniga yetkazish borasida topshiriqlar berdi.

Tumanning “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining 1-sonli qudug‘ida  aniqlangan yuqori bosimli gaz zahirasini jilovlash, ushbu tabiiy resursdan maqsadli foydalanishga qaratilgan ishlar yuzasidan mutaxassislarning hisoboti tinglandi va ushbu hudud aholisi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Bundan tashqari, tuman prokuraturasi xodimlariga yaratilgan ish sharoitlari, ularning kasbiy ko‘nikma va bilimlari bilan tanishdi. Idorada ishchanlik muhitini yaratish, hodimlarning bilim saviyasini oshirish borasida topshiriqlar berdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri