Saxovatli va kelajakka ishonch bilan qarayotgan tadbirkor
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Yaratilayotgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanib, boshqalarga ibrat ko‘rsatib ishlayotgan tadbirkorlarimiz ko‘p. Shulardan biri qoraqalpog‘istonlik Alisher Jumanazarovdir.
2015 yildan buyon u “Shumanay agro impeks”, “Taxtakupir Agro Impeks» va “Aspantay Agro Impeks” kabi korxonalarni o‘z ichiga olgan yirik agrar eksport tarmog‘ini boshqarmoqda. Ushbu korxonalar xorijga ho‘l meva va sabzavotlar: uzum va gilosdan tortib, sabzi, qovun va hatto oddiygina baqlajon yetkazib berishga ixtisoslashgan.
Korxonalar tomonidan 2022-2024 yillarda umumiy qiymati 12,2 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 46 ming tonnadan ortiq mahsulot eksport qilindi. Natijalar hayratlanarli – rejalar 120-125 ga oshirib bajarildi.
– Mening maqsadim Vatanimga xizmat qilish. Biz ishlab chiqarayotgan har bir kilogramm mahsulot faqat iqtisodiy foyda emas, balki O‘zbekistonning brendi, xalqimizning zahmatkash qiyofasi, – deydi A. Jumanazarov faxr bilan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda eksportchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada kengaydi. Soddalashtirilgan bojxona tartiblari, logistika uchun davlat subsidiyalari, maxsus soliq imtiyozlari, “Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” dasturlari va davlat kafolati ostida moliyalashtirish –bularning barchasi respublikada o‘rta va yirik biznesni rivojlantirish uchun asos bo‘ldi. Bu qishloq xo‘jaligi eksportida katta yutuqlarni ta’minladi: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonning agroeksport hajmi 2,9 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga ko‘pdir.
Alisher Jumanazarov nafaqat islohotlar bilan hamnafas bo‘lgan, balki ularning yorqin namunasiga aylangan insonlardan biridir. 2025 yilda uning korxonalari allaqachon 11,1 million AQSH dollari miqdorida shartnomalar tuzgan, shuningdek, eksport salohiyatini yanada oshirish uchun Qoraqalpog‘istonda yangi logistika markazi qurmoqda – bu yetkazib berish hajmini oshirish va mahsulotlarni xalqaro standartlar bo‘yicha saqlashni yaxshilash imkonini beradi.
A. Jumanazarovning korxonalarida turli millat vakillari bo‘lgan 50 dan ortiq ishchi-xodim ishlaydi: o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus, turkman, tojiklar. U o‘z ishchilarini eshita oladi va har birining mehnatini hurmat qiladi.
– Mukammal jamoa – muvaffaqiyat kaliti. Ishchilarimsiz men hech narsaga erishmagan bo‘lardim, – deydi u.
2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga bo‘lib o‘tgan saylovda Alisher Jumanazarov O‘zLiDeP dan o‘z nomzodini qo‘ydi va g‘alaba qozondi. Deputatlik faoliyati uning tadbirkorlik falsafasining mantiqiy davomi bo‘ldi: «Imkoniyat bo‘lsa, yordam ber». Saylovdan keyingi dastlabki olti oyda u mahallalarni obodonlashtirishdan tortib, yo‘l, suv va gaz bilan bog‘liq infratuzilma muammolarini hal etishgacha bo‘lgan qariyb 200 million so‘mlik homiylik loyihalarini amalga oshirdi.
Uning hayotida xayriya alohida o‘rin tutadi: har yili kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar va muhtojlarga yordam beradi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 500 million so‘mdan ortiq oziq-ovqat mahsuloti va mevali ko‘chatlar yetkazib berildi. Bu shunchaki qo‘llab-quvvatlash emas, insoniy mehrdir.
A. Jumanazarovning yoshlar tarbiyasiga qo‘shgan hissasi ham muhim ahamiyatga ega. U yosh tadbirkorlarga faol maslahatlar berib, tajriba almashadi va ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Uning ko‘plab shogirdlari bugungi kunda tumanlarda qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha yetakchilarga aylanmoqda.
Alisher Jumanazarov zamonaviy o‘zbek tadbirkori qanday bo‘lishi kerakligining namunasi: halol, uzoqni ko‘ra oladigan, saxiy va xalqiga sodiq.
Kelajakka ishonch bilan qarayotgan A. Jumanazarov kabi insonlar kelajakni yanada yorqin qilishmoqda.
Amangul Yesmuratova,
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi
jamoatchilik bilan aloqalar, axborot siyosati va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri.
O‘zA