Sport xabarlari

80

Eron Superkubogi: “Traktor” – “Istiqlol” o‘ynaydi

Bugun Eron Superkubogi bahsi bo‘lib o‘tadi. Unda “Traktor” hamda “Istiqlol” jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Bellashuv soat 21:00 da boshlanadi. “Traktor” safida Odil Hamrobekov maydonga tushishi mumkin. Jaloliddin Masharipov hamda Rustam Ashurmatov jarohat sabab uchrashuvda ishtirok etmaydi.

Akademik eshkak eshishda 2 ta kumush medal

Litvaning Trakay shahrida yoshlar o‘rtasida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. JW2 yo‘nalishida Rayhon Sattorova va Aydana Smetullayeva, JM1x yo‘nalishida esa Jamol Turg‘unov shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

“Kristal Pelas” Angliya Superkubogi sohibi

Angliya Superkubogi doirasida “Kristal Pelas” hamda “Liverpul” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida “Kristal Pelas” 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Velosport: O‘zbekiston – Osiyoning eng yaxshi jamoasi

Xitoyda o‘tkazilgan “Trans-Himalaya Cycling Race” velomusobaqasi yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning eng yaxshi jamoasi deb topildi va musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.

Roland Garros Junior Series: Abdullayev Yaponiya finaliga yo‘llanma oldi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Roland Garros Junior Series saralash bosqichida Akmal Abdullayev 2-o‘rinni egalladi. U 2025 yil Yaponiyada o‘tadigan final bosqichida ishtirok etadi. Alan Zinatulin – 3-o‘rin, Abdurahmon Karimov – 7-o‘rin, Keyra Kim esa 6-o‘rinni egalladi.

“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari”: saralashlar davom etmoqda

Toshkent va Surxondaryoda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari o‘tkazildi. Termizda boks bo‘yicha saralash bahslari davom etmoqda. Toshkentda esa taekvondo WT bo‘yicha saralash bellashuvlari tashkil etildi. Unda 120 nafar yosh sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA