Xalqaro dayjest

Isroil hujumi oqibatida Al-Jazeera telekanalining besh nafar xodimi halok bo‘ldi. Ularning G‘azodagi palatkasiga aviazarba berildi.
Qurbonlar orasida muxbir Anas al-Sharif va uning to‘rt nafar hamkasbi bor. Hujum paytida ular Al-Shifo kasalxonasi hududiga kiraverishdagi palatkada bo‘lgan. Isroil mudofaa kuchlari jurnalistlarni nishonga olganini tasdiqlagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp 10 avgust kuni Vashingtonda jinoyatchilikka qarshi kurashish rejasini e’lon qilar ekan, poytaxtdagi uysizlardan darhol shaharni tark etishni talab qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Trampning aytishicha, poytaxtdagi uysizlar uchun maxsus boshpanalar taqdim etiladi, ular ammo poytaxtdan uzoqda joylashadi. Prezident o‘zining ushbu qarori bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardan birida shunday post qoldirgan:
Ozarbayjon rasmiylari Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni bekor qilishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, Caliber nashri xabar berdi. Bunga so‘nggi kunlarda Rossiya armiyasining Ukrainadagi Ozarbayjon ob’ektlarini nishonga olayotgani sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Odessa viloyatidagi SOCAR davlat kompaniyasi hujumga uchragan edi. Agar Rossiya Boku manfaatlariga qarshi “tajovuzkor siyosat”ni davom ettirsa, qurol eksportiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanadi.
Sudanning El-Fasher shahrida oziq-ovqat tanqisligi oqibatida atigi bir hafta ichida, asosan ayollar va bolalardan iborat, 63 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Arab News xabar berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 10 avgust kuni holat bo‘yicha rasmiy bayonot bergan. Unga ko‘ra, bu raqam faqat shifoxonalarga yetib kelgan bemorlarni o‘z ichiga oladi. Qoniqarsiz xavfsizlik sharoitlari va transport vositalarining yetishmasligi sabab ko‘plab oilalar marhumlarni tibbiy yordam so‘ramasdan, bevosita dafn etgan.
AQSHning Kolorado shtatida tarixdagi eng yirik o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Shtatda joylashgan qamoqxona mahbuslari evakuatsiya qilindi. Bu haqda NBC News xabar berdi. Garfild va Rio-Blanko okruglarida 433 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni qamrab olgan. Tog‘li hududlardagi aholi allaqachon boshqa joyga ko‘chirilgan. Yong‘inning faqat 6 foizi nazorat ostiga olingan. Jarohatlanganlar va zarar ko‘rgan inshootlar haqida ma’lumot berilmagan.
Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayeva (video), O‘zA