YeI vazirlari Putin – Tramp uchrashuvi oldidan yig‘iladi (+video)

72

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari do‘stlik va xavfsizlik masalasi bo‘yicha shoshilinch majlisga chaqirildi, deb xabar berdi Euronews.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ma’lum qilishicha, yig‘ilishning asosiy mavzusi – Ukrainadagi vaziyat va AQSH Prezidenti Donald Tramp hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi bo‘lajak muzokara.

Ta’kidlanishicha, ikki yirik davlat tomonidan imzolanadigan har qanday kelishuv Ukraina va YeIga ham daxldor bo‘lishi shart.

– AQSHRossiyani jiddiy muloqotga jalb etish huquqiga ega, ammo Ukraina va Yevropa Ittifoqi ishtirokisiz bunday bitim mintaqa xavfsizligiga tahdid soladi, – dedi u.

Kallas xulosasiga ko‘ra, xalqaro huquq nuqtai nazaridan vaqtincha egallangan barcha hududlar Ukrainaga tegishli. Shu bois biror hujjat Ukraina, Yevropa, na Transatlantik xavfsizlik ittifoqi manfaatiga zarar yetkazishi kerak emas. YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili ma’lum qilishicha, navbatdagi yig‘ilishda Yaqin Sharq va G‘azodagi vaziyat ham muhokama qilinadi.

15 avgust kuni Alyaskada Tramp va Putin uchrashuvi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar Ukraina tomonidan jiddiy e’tiroz bilan qarshi olindi. Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyev ishtirokisiz hech bir muzokara o‘tkazilmasligi shartligini ta’kidlab, shunday dedi:

– Ukrainasiz qabul qilingan har qanday qaror tinchlikka qarshi tashlangan qadam  sifatida samarasiz, amalga oshmaydigan o‘lik qarordir.

YeI yetakchilari – Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri JorjaMeloni, Germaniya Kansleri Fridrix Mers, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb ham yakshanba kuni birgalikda quyidagi bayonot bilan chiqishdi:

– Ukrainada tinchlikka faqat Kiyev ishtirokida erishiladi. Xalqaro chegaralar kuch bilan o‘zgartirilishi mumkin emas.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Rossiya o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish evaziga Ukrainaga Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari deya atalgan tuzumlardan voz kechishni taklif qilgan. Ukraina va YeI esa bunga o‘z sharti bilan javob qaytarmoqda. Shartlar AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, Davlat kotibi Marko Rubio, Ukrainadagi AQSH elchisi Kit Kellog va Prezident maslahatchisi Stiv Uitkoff ishtirokida muhokama qilingan. Ya’ni, Rossiya bilan kechadigan har qanday muloqotda Ukraina va Yevropa tomonlari ishtirok etishi shart.

AQSH rasmiylari bilan mazkur kelishuv Angliyada shanba kuni bo‘lib o‘tgan.

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA