“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

87

Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga doston etadigan sportchilarni tayyorlash tizimi yildan yilga takomillashib bormoqda.

Bir necha yil muqaddam aholi o‘rtasida ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tgan yillar davomida nafaqat odamlar orasida sog‘lom turmush tarzi keng yoyildi, balki joylarda bir-birdan ko‘rkam sport maydonchalari bunyod etildi. Shuningdek, mazkur tashabbus mahoratli sportchi yoshlarni aniqlash tizimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Eng asosiysi, ushbu sa’y-harakatlar, o‘tkazilgan ommaviy sport tadbirlari yangi yo‘nalishlarni, xususan, professional sportchilarning yangi avlodini kamol toptirish borasidagi yechimini kutayotgan masalalar mundarijasini belgilab berdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda, shuningdek joriy yil aprel oyida Andijon viloyatiga tashriflari chog‘ida iqtidorli sportchi-yoshlarni eng quyi bo‘g‘indan aniqlash lozimligini aytib, buning uchun “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarini yo‘lga qo‘yish masalasida zarur tavsiyalarni berib o‘tgandi.

O‘tgan davr mobaynida joylarda Olimpiya o‘yinlari tizimidan joy olgan 10 ta sport turi bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining birinchi bosqichi uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

E’tiborlisi, mazkur sport tizimining yo‘lga qo‘yilishi natijasida yurtimizning chekka-chekka tumanlarida, mahalla va qishloqlarida istiqomat qilayotgan oilalar, ularning farzandlari qalbida sportga mehr uyg‘ondi.

“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining 1-bosqich musobaqalari hududlarning sport infratuzilmasidan kelib chiqilib, 53 ta hududga taqsimlangan maskanlarda zo‘r ishtiyoq bilan tashkil etildi. Murosasiz bahslar natijasida boks, og‘ir atletika, taekvondo, dzyudo, erkin va yunon-rum kurashlari, yengil atletika, stol tennisi, basketbol 3×3 va badiiy gimnastika bo‘yicha mahoratli yoshlar saralandi. Ularda 1-3-o‘rinlarni egallagan yosh chempionlar 2-bosqich musobaqalarida qatnashish huquqiga ega chiqdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari, sport federatsiyalarning vakillari, murabbiy va mutaxassislar, hududlardagi daxldor tashkilot vakillari onlayn tarzda qatnashgan yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining ikkinchi bosqichini belgilangan tartib-qoidalar bo‘yicha o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida mas’ullar birinchi bosqich natijalari, ikkinchi bosqich bellashuvlarini o‘tkazish uchun sport inshootlarining tayyorgarligi hamda musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan hisobotlarni taqdim etdi.

Yig‘ilish davomida rasmiylar hududiy bosqich bahslarini yuqori darajada tashkil etish, musobaqalarda shaffoflik va adolatli hakamlikni ta’minlash, avval yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, ishtirokchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, 2-bosqich musobaqalarida 1-o‘rinni egallagan sportchilar “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining dekabr oyida tashkil etiladigan “Prezident olimpiadasi”da to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA