Shveysariya jamoasini yenggan yosh shaxmatchilarimiz ertaga amerikaliklar bilan kuch sinashadi

79

Bugun, 6 avgust kuni AQSHning Aleksandriya shahrida maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatining 6-turida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Wisdom” jamoasi Shveysariyaning “Kantonsschule Alpenquai Luzern” jamoasini 2,5:1,5 hisobida dog‘da qoldi.

Uchrashuv davomida yosh shaxmatchilarimizdan Sherali Ravshanov, Oriyat Obidjonov, Madinabonu Xalilova raqiblari bilan murosaga kelgan vaziyatda Sarvinoz Bekmuratova jamoamizga g‘alabani tortiq etdi.

7-tur o‘yinlari ostonasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari jamoasi 10 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 5-o‘rinda bormoqda.

Turnir jadvalini 12 ochko bilan Hindistonning “Velammal MHS School” jamoasi boshqarayotgan bo‘lsa, Qozog‘istonning “Seed Educational Complex”, AQSHning “The Harker School”, Shri-Lankaning “Royal College” jamoalari ham hamyurtlarimiz singari 10 ochko bilan keyingi pog‘onalarni band etgan.

Ertaga chempionatning so‘nggi kunida 7 va 8-tur o‘yinlari o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan “Wisdom” jamoasi 7-turda 8 ochko bilan 12-o‘rindan joy olgan AQSHning “University High School” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionatida 40 ga yaqin mamlakatning 55 ta maktab shaxmat jamoalari ishtirok etmoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA