Xitoyda XII Butunjahon sport o‘yinlari boshlanmoqda

102

Bugun, 6 avgust kuni Xitoyning Chendu shahrida Butunjahon sport o‘yinlari boshlandi.

Kun davomida bir qator o‘yin sport turlari bo‘yicha saralash musobaqalari o‘tkazilsa, ertaga, 7 avgust kunidan asosiy bellashuvlarga start beriladi.

Kecha dunyoning 114 ta davlatidan 4 ming nafardan ziyod sportchi qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan Butunjahon sport o‘yinlari “Sportchilar shaharchasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Xitoyda o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli sport o‘yinlari sport orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, sport turlari rivoji va ommalashishiga qaratilgani ta’kidlandi.

Xo‘sh, jahon sport ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan Butunjahon sport o‘yinlarida mamlakatimizning necha nafar sportchisi ishtirok etadi? Hamyurtlarimiz qaysi sport yo‘nalishlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladi?

Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 12-bor o‘tkazilayotgan bu galgi Butunjahon sport o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari kikboksing, muaytay, ushu va sambo yo‘nalishlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi. Shundan, 3 nafar sportchimiz ushu, 1 nafari muaytay, 8 nafari sambo, 7 nafari kikboksing bahslarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

O‘yinlar dasturiga ko‘ra, bugun 2 ta, ertaga 4 ta sport turida saralash musobaqalari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon sport o‘yinlari 17 avgustga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA