Piramida – Tramp elchisi Putin bilan gaplashdi

80

AQSH Prezidenti tomonidan belgilangan Ukraina bo‘yicha sulh ultimatumi muddati yaqinlasharkan, maxsus vakil Stiv Uitkoff Moskvaga tashrif buyurib, Kremlda Rossiya yetakchisi Vladimir Putin qabulida bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tramp ogohlantirish tariqasida agar Putin “dahshatli urush”ni to‘xtatish bo‘yicha muhim qadam tashlamasa, Moskvaga nisbatan kuchli iqtisodiy sanksiya qo‘llanishini aytgan. Shuningdek, RF bilan savdo qilayotganlarga ikkilamchi sanksiya joriy etilishini ham bildirgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy RF faqat moliyaviy resurslari tugay boshlagandagina sulh masalasiga jiddiy yondashishi mumkinligini ta’kidlagan. U AQSH tomonidan Rossiyaga nisbatan kuchli sanksiya va neft savdosiga boj joriy qilinishi ehtimolini ijobiy qarshi oldi. Shunga qaramay, sulhga erishish bo‘yicha istiqbol hanuz mavhum bo‘lib qolmoqda.

Rossiya havo hujumini uzluksiz davom ettirmoqda. Istanbulda o‘tgan uch bosqichli muzokara hali natija bergani yo‘q. Tinchlik yo‘lida ilgari surilayotgan shartlar esa Kiyev va G‘arb mamlakatlari tomonidan qat’iy rad qilinyapti.

Kreml Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv taklifiga rozi emas. Bu orada AQSH ma’muriyati Kiyev mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun yana 200 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish qarorini ma’qulladi. Bu haqda Tramp va Zelenskiyning telefon muloqotidan so‘ng e’lon qilindi. Mazkur suhbat davomida dron ishlab chiqarish va mudofaa sohasidagi hamkorlik mavzusi ham muhokama markaziga chiqqani aytilmoqda.

O‘tgan hafta Kiyevga qilingan, urush boshidan buyon poytaxtga berilgan eng halokatli zarba sifatida baholanayotgan havo hujumi oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan. Keyin esa Zaporoje viloyatidagi dam olish maskani nishonga olindi. Natiajada 2 kishi qurbon bo‘ldi, 12 nafar odam yaralandi.

Zelenskiy bu harakatlarni “harbiy maqsadsiz, shunchaki odamlarni qo‘rqitish uchun qilinayotgan vahshiylik” deb atadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA