XVJ: 2025 yil global iqtisodiy o‘sish uch foizdan oshadi

Kuni kecha Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Jahon iqtisodiyoti istiqboli bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Hujjatda global sur’at joriy yil 3 foiz, 2026 yil 3,1 foiz o‘sishi ko‘rsatilgan. Bu aprel oyidagi tahlildan mos ravishda 0,2 va 0,1 foiz yuqori.
Ta’kidlanishicha, yangi prognoz “kutilgan yuqori tarifga javoban iqtisodiy faollik oldinga siljishi, AQSHning ilgari kutilgan o‘rtacha samarali tariflari nisbatan pastligi, moliyaviy sharoit yaxshilanishi, jumladan dollar zaiflashishi va yirik iqtisodiyotga ega qator mamlakatlardagi fiskal rag‘batlantirish” jarayonini aks ettirgan.
XVJ kecha e’lon qilgan Jahon iqtisodiy prognozi xulosasiga ko‘ra, AQSH dollari yangi tarif va byudjet taqchilligi kengayishi sharoitida kuchayishi kutilayotganiga qaramay, zaiflashishda davom etdi.
Tuzilma tahlilchilari ta’kidlaganidek, dollar qiymati pasayishi rivojlanayotgan mamlakatlarga moslashuvchan pul-kredit siyosatini yuritish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Global moliyaviy sharoit esa, umuman olganda, osonlashdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni omillar saqlanib qolsa-da, jahon iqtisodiyoti nisbatan barqarorlik ko‘rsatkichini namoyon etmoqda. Binobarin, global iqtisodiyotning tuzilishi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo to‘siqlari tufayli buzilgan.
Bosh iqtisodchi, XVJ Tadqiqot departamenti direktori Per-Olive Gurinsha fikricha, yangi boj qisman olib tashlanishi va Xitoy bilan savdo keskinligi yumshatilishiga qaramay, AQSH import tarifi tarixan yuqoriligicha qolmoqda. Тариф oshishi ehtimoli mavjud bo‘lgan sharoitda AQSHga eksport yil boshida keskin tezlashdi.
– Yetkazib berishdan oldingi bu samarali amaliyot Yevropa va Osiyoda ishbilarmonlik faolligini qo‘llab-quvvatladi, – deydi iqtisodchi. – Yanvar oyidan buyon dollar kursi 8 foiz pasaydi. Natijada ayrim iqtisodiyotlarga raqobat bosimi kuchaydi. Ilgari boj joriy qilgan davlat o‘z valyutasini mustahkamlab olgan. Hozir esa dollar kursi pasayib ketdi. Demak, tarif zarbasining boshqa mamlakatlar raqobatbardoshligiga ta’siri ortdi.
S.Rahimov, O‘zA sharhlovchisi