Ob-havo inqirozi: Yevropa bo‘ylab jazirama xavfi e’lon qilindi

118

Ispaniya va Portugaliya kuchayib borayotgan issiq havo va o‘rmon yong‘ini xavfi tufayli yuqori darajali ogohlantirish holatiga o‘tdi. Qit’aning boshqa hududlarida ham favqulodda iqlim sharoiti kuzatilmoqda.

Portugaliyada harorat 36-44°S oralig‘ida o‘zgaryapti. Ichki ishlar vaziri Mariya Lusiya Amaral mamlakat bo‘ylab o‘rmonga kirish taqiqlanishini e’lon qildi. Shuningdek, mushakbozlik, olov yoqish va texnika vositalaridan foydalanish ham vaqtincha man etildi.

Douro mintaqasida joylashgan bir qishloq aholisi yong‘in sabab evakuatsiya qilindi. Dushanba va seshanba kunlari shimoldagi besh viloyat qizil, qolgan mintaqalar to‘q sariq va sariq ogohlantirish darajasiga kiritildi. Favqulodda holat payshanbagacha davom etishi kutilyapti.

Ispaniyada Shimoliy Afrikadan kelgan issiq havo oqimi tufayli yozning ikkinchi issiq to‘lqini boshlandi. Jazirama Andalusiya, Estremadura, Kastiliya-La Manga va Galisiya hududlarini qamrab olgan. Gvadalkuivir vodiysida harorat 42 darajaga chiqishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi butun mamlakat bo‘ylab “qizil xavf” holatini joriy qildi. Issiqlik bugun eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi.

Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya kabi iqlimi sovuq davlatlar ham odatdagidan ancha issiq havoni boshdan kechirmoqda. Iyul oyida Finlyandiya ketma-ket 30°S dan yuqori issiqni boshdan kechirdi. Norvegiyada 12 kun yanayam yuqori harorat kuzatildi. Shimoliy hududlarda momaqaldiroq va chaqmoq tez-tez yong‘in keltirib chiqaryapti.

Polsha sharqida aholi kuchli shamol, yomg‘ir va do‘ldan ogohlantirildi. Issiq havo bilan birga ba’zi joylarda shamol tezligi 80 km/soatga yetdi.

Italiyada yoz davomida kuzatilgan issiq to‘lqin o‘rnini yomg‘irli ob-havo egallamoqda. Adriatika sohilida kuchli yog‘ingarchilik yuz bermoqda. Piombino shahrida 70 yoshli erkak chaqmoq urishi natijasida hushidan ketdi. Tez yordam xizmati uni jonlantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Butun Yevropada avj olayotgan jazirama va yomg‘irli ob-havo fuqarolardan hushyorlik, ehtiyot chorasi va rasmiy ogohlantirishga rioya etishni talab qilyapti.

Musulmon Ziyo, O‘zA