“SIRLI OLAM” – Vaqt doirasi: cheksiz kunlar ichida qolib ketgan insonlar (+video)

86

Tasavvur qiling: siz uyg‘onasiz… tonggi quyosh, xuddi kechagi kabi. Tashqaridagi odamlar, yuz ifodalari, aytilayotgan so‘zlar – barchasi bir xil. Kun bo‘yi nima bo‘lishini oldindan bilasiz.

Chunki bu kun… allaqachon bo‘lgan. Hatto bir necha bor. Siz esa undan chiqib keta olmayapsiz. Go‘yo vaqt o‘z doirasiga kirib, sizni o‘sha doira ichida qamab qo‘ygan.

Bu — time loop, ya’ni vaqt doirasi deb ataladi. Ilmiy fantastika olamining eng sirliligi va hayratlanarlisi. Aslida bunday holatlar faqat filmlarda bo‘ladimi? Yoki hayotda ham vaqt biz bilan o‘ynaydimi?

Ko‘plab mashhur filmlarda insonlar aynan bunday vaqt doirasida qolib ketgan. Ular har gal bir kunni qayta-qayta boshdan kechirishadi. O‘ladi, uyg‘onadi va yana hammasi boshidan. Faqat bir shart bor — to ular nimanidir tushunmaguncha yoki o‘zgartirmaguncha vaqt davom etmaydi.

Ammo bu faqat fantastik tasavvurlarmi? Qiziq, real hayotda ham shunga o‘xshash holatlar bor. Masalan, deja vu – biror holatni ilgari ko‘rgandek his qilish. Yoki odamning kundalik hayoti shu qadar bir xillashib ketadiki, u o‘zini “vaqt to‘xtab qolgandek” his qiladi. Har tong – xuddi kechagidek. Har safar yangi kun — ammo bir xil qayg‘u, bir xil ish, bir xil yo‘nalish…

Ba’zilar esa og‘ir psixologik holatga tushib qolganida, ayni bir dahshatli hodisani ongida qayta-qayta boshdan kechiradi. Bu — ruhiy travmaning vaqtni “muzlatib qo‘yishi” bilan bog‘liq. Fiziologik vaqt davom etsa ham, ong uchun u bir nuqtada qolib ketgan.

Demak, vaqt faqat soatga qaramasdan o‘tadigan fizik hodisa emas. Vaqt — bu bizning ongu tafakkurimizda shakllanadigan murakkab tushuncha. Ba’zida esa, u biz bilan o‘ynaydi. Shu o‘yinning markazida esa inson turadi — tushunishga, qabul qilishga va chiqib ketishga urinayotgan ongli mavjudot.

Iroda Jo‘rayeva, Nishonboy Abduvoitov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA