Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir…
Insonning har tomonlama tengligi – inson huquqlari sohasidagi muhim prinsiplardan biridir. Jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar bilan erkaklar o‘rtasida to‘liq tenglikka erishish ushbu prinsipning asosiy talabi hisoblanadi.
Tarixdan ma’lumki aql zakovati, iqtidori bilan millat sha’ni, shuhratini yuksaklarga ko‘targan, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlar ko‘p bo‘lgan. Bugungi kunda ham xotin-qizlar juda faol, ular deyarli barcha sohalarda mehnat qilmoqda. O‘qituvchi, shifokor, tadbirkor, fermer, harbiy va hokazo. Demak, gender tenglikka erishilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Maslahat kengashlari uchun “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv seminari ham jamiyatda gender tenglikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlandi.
Tadbirda vazirlik va idoralarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha tashkil etilgan maslahat kengashi organlari a’zolari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki gender tenglik har bir jamiyat taraqqiyoti, demokratik qadriyatlar ustuvorligi va inson huquqlarining to‘liq amalga oshirilishida muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Xalqaro darajada qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakat platformasi, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kabi hujjatlar ayollar hayotini yaxshilashda muhim strategik yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy yilda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Bu hujjat ayollar huquqlari va gender tengligi bo‘yicha global kun tartibini belgilagan tarixiy hujjatdir. Ushbu deklaratsiya va Platforma 189 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. U ayollar va qiz bolalarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda to‘liq va teng ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
Deklaratsiya prinsip va qoidalari ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston milliy strategiyalarining asosiga aylandi va ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatning barcha sohalarida teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarga turtki berdi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda ayollar huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirish borasida bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar Pekin Harakatlar platformasi tamoyillariga tayangan holda ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tengligini ta’minlash bo‘yicha sezilarli siljishlarga olib keldi. Ushbu islohotlarning asosi 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan “Inson qadri uchun” tamoyilidir. Unda O‘zbekiston dunyoviy, demokratik va ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat sifatida belgilangan.
Pekin Harakat platformasi ayollar hayotiga ta’sir etuvchi 12 ta muhim sohani qamrab olgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda mavjud muammolarni hal etish orqali gender tenglikka erishish maqsad qilingan. Bu borada mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qonunchilikni mustahkamlash yo‘nalishida 100 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu jumladan, 2030 yilgacha Gender tenglikni ta’minlash strategiyasi ishlab chiqildi. 2023 yilda yangilangan Konstitutsiyada ayollar va erkaklar teng huquqliligi mustahkamlanib, barcha sohalarda teng imkoniyatlar kafolatlandi. Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar esa xalqaro standartlarga mos ravishda teng ish haqi ta’minlanishiga yo‘l ochdi. 2019 yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilindi. Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik takomillashtirildi.
Institutsional islohotlar yo‘nalishida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati takomillashtirildi. Davlat organlari va tashkilotlarda, shu jumladan, xususiy sektorda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat-kengash organlari, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida ham qator chora-tadbirlar bajarildi. Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar, grantlar va ta’lim kurslari joriy etildi. Qishloq joylarda ish o‘rinlari va kasb-hunarga o‘qitish dasturlari amalga oshirilmoqda. “Ayollar daftari” joriy etilib, muammoli toifadagi xotin-qizlar bilan maqsadli ish olib borilmoqda.
Shuningdek, ta’lim tizimida genderga yo‘naltirilgan yondashuvlar joriy etilgani teng imkoniyatlar madaniyatiga ega yangi avlodni tayyorlashga xizmat qilmoqda. Ayollarning siyosiy jarayonlarda va qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki oshirilgani ham e’tiborga sazovor. Ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki davlat boshqaruvi tizimining barqaror va muvozanatli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda. Shu maqsadda Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, siyosiy partiyalardagi ayol nomzodlar uchun eng kam kvota 30 foizdan 40 foizgacha oshirildi. Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ayol rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan, 240 nafari ijro etuvchi hokimiyat organlarida faoliyat yuritmoqda.
O‘quv seminarida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida” gi qonunda belgilangan qoidalar ijrosini to‘liq ta’minlash, idoralararo tajriba almashinuvni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalarni ommalashtirish, mehnat jamoalarida ayollar va qizlarni yangi bilim va zamonaviy vositalar bilan ta’minlash, ta’lim va ish sohasida istiqbollarini oshirish, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish va bandlikdagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun davlat va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish, yuridik yordam, zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha axborot kampaniyalarini o‘z ichiga olgan kompleks himoya choralarini rivojlantirish, davlat xizmatchilari o‘rtasida gender masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirish, mehnat faoliyatida genderga sezgir yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama etildi.
Moderator va ekspertlar tomonidan mavzu yuzasidan trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir yakunida seminar ishtirokchilariga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA