Temir yo‘l transporti infratuzilmasi xavfsizligi to‘g‘risidagi Texnik reglament tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Temir yo‘l transporti infratuzilmasi xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Temir yo‘l transporti infratuzilmasi xavfsizligi to‘g‘risidagi Texnik reglament;
Temir yo‘l transporti infratuzilmasi xavfsizligi to‘g‘risidagi Texnik reglamentni joriy etish sxemasi tasdiqlandi.
Temir yo‘l transporti infratuzilmasi xavfsizligi to‘g‘risidagi Texnik reglament umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘l transporti infratuzilmasiga nisbatan qo‘llanadi.
Texnik reglament talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida temir yo‘l transporti infratuzilmasi ob’ektlarini loyihalashtirish (jumladan, tadqiqotlar olib borish), ishlab chiqarish, qurish, montaj qilish, qurilishi yakunlangan ob’ektlarni foydalanishga kiritish, qabul qilish va topshirishda, shuningdek, temir yo‘l mahsulotining muvofiqligini baholashda majburiy hisoblanadi.
Temir yo‘l transporti infratuzilmasi Texnik reglamentning texnik jihatdan tartibga solish ob’ekti hisoblanadi va:
a) temir yo‘l transporti infratuzilmasining temir yo‘l, temir yo‘l elektr ta’minoti, temir yo‘l avtomatikasi va telemexanikasi, temir yo‘l elektr aloqasi, shuningdek, stansiya binolari, inshootlari va qurilmalari kabi quyi tizimlarini;
b) Texnik reglamentda ko‘rsatilgan temir yo‘l transporti infratuzilmasi quyi tizimlarining tarkibiy qismlari va quyi tizimlarining tarkibiy qismlari elementlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu Texnik reglament 200 km/h dan ortiq tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar uchun mo‘ljallangan yuqori tezlikda harakatlanadigan temir yo‘l transporti infratuzilmasiga tatbiq etilmaydi.
Harakat xavfsizligini ta’minlash qismi bo‘yicha temir yo‘l transporti infratuzilmasidan foydalanishga nisbatan qo‘yiladigan talablar temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Texnik reglament rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida qurilishi, ishlab chiqarilishi, o‘rnatilishi, yasalishi va ishga tushirilishi Texnik reglament kuchga kirgan sanadan oldin tugatilgan mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikatlari yoki deklaratsiyalari ularda ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.
O‘zA