“Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Samarqand viloyatida “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Samarqand viloyatining Nurobod tumani Sazag‘on massividagi bo‘sh turgan 115,3 gektar yer uchastkasi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidan chiqarilib, ushbu hududda “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.
Qaror bilan Samarqand viloyati Nurobod tumanida investitsiya muhitini yanada yaxshilash va sanoatni rivojlantirishning 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Bular:
a) tumanda yuqori daromadli yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish;
b) 2025-2030 yillarda yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga jami 1,1 milliard AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
v) yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish orqali 5,1 ming doimiy ish o‘rinlarini yaratishdan iborat bo‘ladi.
Mazkur qaror bilan “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tarkibiga kiruvchi hududlar chegaralarining tavsifi ham tasdiqlandi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq Samarqand viloyati hokimligi hamda “Xinjiang Urumqi New Vision Investment Development Co., Ltd” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi o‘rtasida Investor tomonidan 2030 yilga qadar maxsus sanoat zonasi hududiga jami 472 million AQSH dollari, shundan 2025-2027 yillarda 250 million AQSH dollari, 2027-2029 yillarda qo‘shimcha yer ajratilgan holda 222 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni bosqichma-bosqich jalb qilib, yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan, maxsus sanoat zonasini boshqarish uchun Investor muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “New Vision Investment Development” MCHJ xorijiy kompaniyasi tashkil etilgan edi.
O‘zA