Sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Nukus shahridagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi misolida tashkil etilgan tadbir avvalida davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda yurtimizdagi mavjud 6 ming 798 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 1 ming 172 tasida yoki 17,2 foizida 83 ta tadbirkorlik subektlari tomonidan autsorsing usulida ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 5 ming 626 tasida an’anaviy (ta’minotchilar tomonidan oziq-ovqat yetkazish orqali) usulda ovqatlantirish amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni, ro‘yxati va boshqa tegishli ma’lumotlar tayyorlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bunda davlat MTTlarida “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida oziq-ovqat xarajatlarining (natura ko‘rinishida) hisobi “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi. Shu bilan birga mazkur hisobot elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.
Ayni vaqtda hududiy hokimliklar tomonidan bir nafar tarbiyalanuvchi uchun joriy yilgi narxlar shakllantirildi hamda bir kunlik sog‘lom ovqatlantirish narxlari tasdiqlandi. Shuningdek, Tovar-xom ashyo birjasining davlat xaridlari elektron tizimi orqali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari uchun e’lonlar joylashtirilgan.
Autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatuvchi hamda ota-onalar va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat Kuzatuv kengashlari a’zolari tomonidan doimiy qarab boriladi.
Press-tur ishtirokchilari mazkur davlat maktabgacha ta’lim muassasasida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA