Deputat joylarda aholi muammolarini o‘rgandi

102

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sayyora Imomova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida bo‘lib, hududdagi mavjud muammolar va ularga ijobiy yechim topish, tibbiyot muassasasida aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishi holatini o‘rganish maqsadida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, kam ta’minlangan oilalar vakillari bilan uchrashdi va ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

Dastlab partiya guruhlari a’zolari faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida xalq deputatlari Nukus tuman Kengashi kotibiyatida deputatlar bilan uchrashdi va ularning faoliyatini samarali tashkil qilish borasida tavsiyalar berildi.

Shu kuni deputat “Tok tau” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Pirman usta” oilaviy korxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi va tadbirkor bilan muloqot qildi. Mazkur oilaviy korxonada non sexi va oziq-ovqat do‘koni tashkil etilgan bo‘lib, “Ayollar daftari”da hisobda turuvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Shuningdek, tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabidagi sharoitlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Yangi o‘quv yili oldidan maktab rahbariyati va xodimlari bilan muloqot qildi.

Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” vakillari bilan muloqot davomida hudud obodligi va aholi farovonligini yaxshilash, kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, mahalladagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan yordam, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida suhbatlashdi va tegishli tavsiyalar berdi.

Deputat ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar Shaydagul Qutlimuratova va Ilyas Koptileuovlarning xonadonlariga tashrif buyurib, sharoitlari bilan tanishdi.

Shaydagul Qutlimuratova bugungi kunda asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lsa, Ilyas Koptileuov “Turon bank”dan 30 million so‘m miqdorida kredit olib, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, o‘zining tomorqa yeridan samarali foydalanib, uzum yetishtirish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Bugungi kunda ular o‘zlarini o‘zlari band qilib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishdi. Natijada “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidan chiqarilgan.

Deputat Sayyora Imomova Nukus tumani tibbiyot birlashmasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati bilan tanishib, shifokorlar va tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi. Ular bilan muloqot davomida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolash, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri