Yoshlar uchun oromgoh tashkil etildi

100

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Dolzarb 90 kun” loyihasi bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida samarali yo‘nalishiga aylandi.

Mazkur loyiha doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan oromgoh tashkil etilib, yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish, talabalarni bilimga qiziqtirish, fikrlash madaniyati va jamoaviylik ko‘nikmasini mustahkamlash maqsadida bir qator ma’naviy-ma’rifiy, intellektual va sport tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, talabalar o‘rtasida kitobga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, tahlil va mustaqil fikrlashni rag‘batlantirish maqsadida sayyor kitob ko‘rgazmalari, viktorinalar va kitobxonlik tanlovlari tashkil etildi. Bundan tashqari, aql-zakovat talab qiluvchi “Zakovat” intellektual o‘yini ham o‘tkazildi.

Bellashuvlar davomida talabalar bilim, tafakkur, ziyraklik va jamoaviy harakat kabi muhim qobiliyatlarini namoyon etishdi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Mazkur tadbirlar orqali talabalarning bilimga bo‘lgan intilishlari, ijtimoiy faolligi va o‘z salohiyatini namoyon etishga bo‘lgan ishtiyoqlarini oshirmoqda. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilgan har bir tadbir yoshlar qalbiga ishonch, ma’naviy kuch bag‘ishlamoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri