Xitoyda “uy ishlari terminatori” – odamsimon robot taqdim etildi

102

Xitoyning yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchisi Haier o‘zining birinchi odamsimon roboti – HIVA Haiwani joriy etdi. Aqlan rivojlangan sun’iy intellekt tizimiga ega bo‘lgan bu robot uy yumushlarini mustaqil bajaruvchi yordamchi sifatida taqdim etilmoqda. Kompaniya unga “uy ishlari terminatori” nomini bergan.

Asosiy xususiyatlar:  

Bo‘yi: 165 sm,

vazni: 70 kg

Mustaqil bajara oladigan harakatlar soni: 44 ta

Harakatlanish: g‘ildirakli platforma yordamida

Yetib borish balandligi: 2 metrgacha

HIVA Haiwa quyidagi ishlarni bajara oladi:

– pol yuvish chang artish

– ovqat tayyorlash kir yuvish mashinasini boshqarish

– kiyimlarni dazmollash va yig‘ishtirish.

Hozircha robot masofadan boshqariladi, ammo Haier yaqin yillarda unga avtonom boshqaruv tizimi joriy qilinishini bildirgan – bu esa robotning topshiriqlarni to‘liq mustaqil bajarishini ta’minlaydi.

HIVA Haiwa ilk bor 2025 yil bahorida AWE (Appliance & Electronics World Expo) ko‘rgazmasida namoyish qilindi. Bu robot Haierning gumanoid texnologiyalardagi ilk jiddiy mahsuloti sanaladi. Kompaniya ilgari ham SCARA tipidagi sanoat robotlarini ishlab chiqib kelgan bo‘lib, bu borada jahon bo‘yicha 4-o‘rin, Xitoyda esa 2-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, Haier Shenjendagi Step Electric kompaniyasini sotib olish niyatida. Bu esa kompaniyaning robototexnika sohasidagi mavqeini mustahkamlashi mumkin.

Xitoyda nafaqat Haier, balki Midea, Changhong, Gree kabi boshqa yirik texnika brendlari ham o‘z odamsimon robotlari ustida ishlamoqda. Bu esa mamlakatda “robot poygasi” boshlanganini anglatadi. Shu bilan birga, Ilon Mask ham Tesla Optimus V3  robotini 2025 yil oxirigacha tayyor qilish rejasini e’lon qilgan.

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA