Sportimizdagi muazzam g‘alabaga bag‘ishlangan kitob

129

Sport qat’iyat, ishonch, do‘stlik, kelajak sari dadil intilish demakdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan xalqaro musobaqalarda erishilgan g‘alabalar yurtdoshlarimizning quvonchiga quvonch qo‘shmoqda, qalbini cheksiz iftixorga to‘ldirmoqda.

2025 yilning iyun oyida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash  o‘yinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, tom ma’noda ulkan g‘alabaga erishgani – Vatanimiz tarixida birinchi marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani nainki mamlakatimiz aholisini, shu bilan birga xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni g‘oyat mamnun etdi. Qalblarni cheksiz g‘ururga to‘ldirdi.

Davlatimiz rahbarining shu munosabat bilan Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga yo‘llagan tabrigi sportchilar,  yurtimizning keng jamoatchiligi, butun xalqimizni behad quvontirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yaqindagina “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Bu g‘alaba – muazzam!” nomli kitob sportchilarimizning ana shu shukuhli g‘alabasiga bag‘ishlangani bilan e’tiborga molik. Kitobda sportchilarimizning tarixiy g‘alabasi ahamiyati keng va batafsil aks ettirilgan.

Kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga tabrigi bilan boshlanadi.

Tabrikda e’tirof etilganidek, hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi. Futbolchilarimizning professional bilim va malakasi, tajriba va mahorati, eng  muhimi, yuksak irodasi va g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganlari har qanday tahsin va tasannolarga munosib.

Futbolchilarimizning ana shunday mas’uliyatli turnirdagi munosib ishtiroki keyingi yillarda mamlakatimizda sportga, jumladan, uning eng ommaviy turi bo‘lgan futbolga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yana bir  natijasi.

Kitobda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 5 iyunda qabul qilgan “Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga keng o‘rin berilgan.

Mazkur kitobdan o‘rin olgan “Xalqimizni yanada birlashtirgan tarixiy yutuq” nomli maqolada esa shu yilning 10 iyun kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida o‘tkazilgan Jahon chempionati saralash bosqichining so‘nggi uchrashuvi keng va batafsil yoritilgan. O‘zbek futbolining katta bayrami sifatida o‘tkazilgan ushbu bellashuvni millionlab o‘zbekistonliklar hayajon bilan tomosha qildilar. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini tomosha qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgani mamlakatimizda sportning mazkur turi rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yana bir amaliy namunasidir.

Kitobning “Bu sening ham g‘alabangdir, ey Markaziy Osiyo!” deb nomlangan bo‘limida ustoz ijodkorlar, O‘zbekiston xalq shoirlari  Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Minhojiddin Mirzo, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo‘chqor Norqobil va boshqa ko‘plab shoirlarning ulkan g‘alabaga bag‘ishlangan she’rlari bilan tanishish mumkin.

“G‘alaba ustiga g‘alaba, yutuq ortidan yutuq!” nomli bo‘limda esa Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, senator Rustam Xolmurodov, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahror Ahmedov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, mohir jurnalist Anvar Samadov va boshqa qalamkashlar bilan birga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Mirjalol Qosimov, futbol sharhlovchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mirzahakim To‘xtamirzayev, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Timur Kapadze, futbol sharhlovchisi, “Shuhrat” medali sohibi Xayrulla Hamidov va boshqa sport jonkuyarlarining g‘alaba munosabati bilan dil izhorlari keltirilgan.

Kitobning “Xalqaro e’tiroflar” bo‘limi FIFA Prezidenti Janni Infantino, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabriklari keltirilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi konsullari, atoqli murabbiylarning futboldagi ushbu g‘alabamiz munosabati bilan tabriklari, xalqaro nashrlarda e’lon qilingan tahliliy maqola va reportajlardan namunalar keltirilgan.

Mazkur kitobning “O‘zbekiston iftixorlari” bo‘limida mamlakatimizning nomdor sport murabbiylari, sportchilari, soha fidoyilari haqidagi batafsil ma’lumotlar kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan.

Chindan ham “Bu g‘alaba – muazzam!” kitobi o‘zbek sportining ajoyib tarixiy yutug‘i haqida batafsil so‘zlashi bilan diqqatga sazovor.

Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari