Shaxmat: AQSH jamoasini mag‘lub etgan yoshlarimiz latviyalik tengdoshlari bilan kuch sinashadi

AQSHning Aleksandriya shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionati bahslarining ortda qolgan 4-turidan keyin mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Wisdom” 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 12-o‘rinda bormoqda.
Kecha o‘tkazilgan 3-tur o‘yinlarida Sherali Ravshanov, Oriyat Obidjonov, Madinabonu Xalilova va Sarvinoz Bekmuratovadan iborat O‘zbekiston jamoasi Gruziyaning “Kutaisi School 41” jamoasi bilan kuch sinashdi.

Qiziqarli o‘tgan bahslarda hamyurtlarimizdan Sherali Ravshanov raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan vaziyatda Oriyat Obidjonov, Madinabonu Xalilova va Sarvinoz Bekmuratova ustunlikka erishdi va “Wisdom”ning 3:1 hisobida g‘alabaga erishishini ta’minladi.

Bugun, 5 avgust kuni erta tongda o‘tgan 5-tur o‘yinida o‘zbekistonlik shaxmatchilar jamoasi AQSHning “BASIS Cedar Park” shaxmatchilari bilan kuch sinashdi.
Hamyurtlarimizdan Sherali Ravshanov va Oriyat Obidjonov raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Madinabonu Xalilova va Sarvinoz Bekmuratova durangga erishishi “Wisdom”ning qimmatli 2 ochkoga ega bo‘lishiga olib keldi.

Bugun kun davomida jamoalar 5-tur o‘yinlarini o‘tkazadi. Unda mamlakatimiz vakillari Latviyaning “Riga State Gymnasium No 1” jamoasi bilan ro‘baro‘ kelmoqda.
Ortda qolgan 4 ta tur uchrashuvlaridan keyin 4 ta jamoa 8 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 1 ta jamoada 7 ochko mavjud. 9 ta jamoa 6 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Ular orasida O‘zbekistonning “Wisdom” jamoasi ham borligi e’tiborli.
Jahon chempionatida ishtirok etayotgan 55 ta jamoaning 5 tasi hali biror marta ham raqiblaridan ochko tortib ola bilmadi.
Musobaqalar 6 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA