AQSH garov evaziga viza berish tajriba dasturini ishga tushirmoqda
Davlat departamenti e’lon qilgan hujjatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Amerikaga kelgan chet elliklar keyin mamlakat hududidan chiqib ketishi uchun xavfsizlik chorasi sifatida har bir arizachiga 5000 dan 15 000 dollargacha garov evaziga viza berish sinov dasturini ishga tushirmoqda.
– Davlat departamenti viza obligatsiyalarini taqdim etish bo‘yicha 12 oylik sinov dasturi boshlanganini e’lon qiladi, – deyilgan davlat reyestriga joylashtirilgan qarorda. – Konsullik xodimlari viza berish sharti sifatida noimmigratsion vizaga murojaat etuvchilardan 15 000 dollargacha qiymatga ega obligatsiya joylashtirishni talab qilishi mumkin.
Bunday obligatsiya mamlakatga biznes yoki sayyohlik uchun kirganda beriladigan B-1 va B-2 vizasiga murojaat qilishda undirilishi mumkin. Ushbu tartib viza muddatini kechiktirish holati ko‘p kuzatiladigan davlatlardan kelgan xorijliklar uchun qo‘llanadi.
Hujjatda mamlakatlar ro‘yxati keltirilmagan.
Ta’kidlanganidek, garov evaziga viza berish sinov dasturi 2026 yil avgustigacha ishlaydi. Qaror matniga ko‘ra, garovning aniq miqdori konsullik xodimi tomonidan belgilanadi. U arizani ko‘rib chiqish asosida 5 000, 10 000 yoki 15 000 dollar joylashtirilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
S.Rahimov, O‘zA