Kurashchilarimiz Osiyo chempionatida 6 ta medalga sazovor bo‘ldi
Janubiy Koreyaning Kvesan shahridagi Madaniyat va sport markazida kurash bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatining kattalar o‘rtasida o‘tgan ikkinchi kungi musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Murosasiz bellashuvlar natijasida terma jamoamiz a’zolari Sanjar Saidqulov -60 kilogrammda, Muhammad Jumayev -73 kilogrammda, Umid Esanov -81 kilogrammda, Shohista Nazarova -70 kiloda qit’a chempioni nomiga musharraf bo‘ldi.

Shuningdek, tojikistonlik Sarvar Abdushukurov -66 kiloda, turkmanistonlik Sabina Qodirova -78 kiloda, vetnamlik Chang Thi Thanh Thuy -87 kiloda, Koreya Respublikasi vakilasi Kim Min Yon +87 kiloda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Medallar jamg‘arishda O‘zbekiston jamoasi 6 ta medal bilan umumjamoada peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Tojikiston, Turkmaniston, Vetnam va Janubiy Koreya keyingi pog‘onalarni band etib turibdi.

Bugun, 4 avgust kuni chempionatning so‘nggi kunida yigitlar -90, -100, -120, +120 kilogramm vazn toifalarida bellashsa, xotin-qizlar -48, -52, 57 va -63 kilogramm og‘irlikda gilamga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan qit’a chempionatida 25 ga yaqin davlatlarning kurashchilari ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA