Hamyurtimiz Asian Boxing tashkiloti vitse-prezidenti etib saylandi

87

Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionati doirasida Asian Boxing tashkilotining navbatdagi kongress yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kongress davomida Osiyo qit’asi boksining kelajakdagi rejalari ko‘rib chiqildi. Ushbu tashkilot rahbariyatiga nomzodlarga ovoz berish jarayonida Asian Boxing tashkilotining amaldagi rahbari tailandlik Pichay Chunxavajira qayta rahbarlikka saylandi.

Tashkilotning vitse-prezidentligi lavozimiga Qozog‘iston, Yaponiya, Filippin vakillari va O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov nomzodlari qo‘yilgan edi.

Delegatlarning ovoz berish natijasiga ko‘ra, hamyurtimiz O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov Asian Boxing tashkilotining vitse-prezidenti etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, Tailandning Bangkok shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar va yoshlar o‘rtasida tashkil etilayotgan qit’a chempionatida 38 nafar o‘zbekistonlik yosh charm qo‘lqop ustalari jang olib bormoqda.

Chempionat 12 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA