“Samarqand oshi” festivali gastronomik turizm rivojida muhim qadam

148

Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali doirasida bugun 7 tonnali osh tayyorlandi.

“Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida  maxsus qozonda 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijlik oshpaz tomonidan pishirilgan 7 tonnali palov festivalning ko‘rkiga aylandi.

– Uch kun davomida guruch bilan dunyo xalqlarini bog‘laydigan taomlar tayyorlanib, turizm rivojiga hissa qo‘shish uchun harakat qildik,- deydi O‘o‘bekiston oshpazlari uyushmasi raisi Akbar Umarov.- Yurtimizning barcha hududlaridan eng mohir oshpazlar ishtirok etib, gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu tadbirning natijasi, albatta, hududlarda gastronomik turizm rivojida o‘z aksini topadi. Bugungi Samarqand oshining tayyorlanishidan maqsad uning hajmida emas, balki soha xodimlari o‘rtasida hamkorlikni, hamjihatlikni mustahkamlash orqali barcha hududlarda milliy taomlar brendini yaratishdir. Shuningdek, bu oshimizni chin yetimlar, kam ta’minlangan oilalarga tarqatish ko‘zda tutilgan.

Palov — osh o‘zbek milliy taomlari ichida o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Shu bois, yurtimizga kelgan sayyohlar, albatta, undan tatib ko‘rishga intiladi. Samarqandlik mashhur oshpaz Abdumannon Nusratovning ta’kidlashicha, festival an’anaviylik kasb etib, O‘zbekiston turizmini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanadi.

Festival yakunida o‘tkazilgan tanlovlarda faol ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etgan oshpazlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Festival doirasida oshpazlar tomonidan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning milliy taomlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Madaniy dasturlar va konsert tomoshalari uyushtirildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A. Boboyev ishtirok etdi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari