AQSH o‘nlab davlatlar uchun bojni yana oshirdi
AQSH Prezidenti dunyo bo‘ylab savdo bozorini larzaga solayotgan boj siyosatini davom ettirmoqda. Yangi farmonga ko‘ra, 1 avgustdan boshlab Kanadadan import qilinadigan tovarlarga 35foiz tarif qo‘llanadi.
Oq uy bu qarorni Ottava “fentanil va noqonuniy dori oqimini to‘xtatishda yetarli hamkorlik qilmagani” bilan izohladi. Binobarin, USMCa (AQSH – Meksika – Kanada) kelishuvi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilgan ayrim mahsulotlar bundan mustasno.
Shuningdek, Donald Tramp 7 avgustdan kuchga kiradigan o‘nlab davlatlarga yangi boj stavkasini ham tasdiqladi: Yaponiya, Janubiy Koreya, Norvegiya, Ispaniya, Isroil 15 foiz, Hindiston, Tailand, Vetnam, Bangladesh, Tunis 20-25 foiz, Janubiy Afrika, Iroq, Serbiyaga 30-35 foiz, Laos, Myanma, Suriya 40-41 foiz soliq to‘laydigan bo‘ldi.
Masalan, Koreya Respublikasi eng ko‘p eksport qiladigan soha – avtomobillar uchun 15 foiz chegarani saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Toyota va BMV bilan raqobat tenglashsa-da, baribir AQSH bozorida mashina narxi oshishi kutilyapti.
Meksika uchun po‘lat, alyuminiy va misga 50, avtomobilga 25 foiz boj joriy etilishi 90 kun kechiktirildi. Amerika rahbari aytishicha, bu vaqt muzokara yakuniga qadar berilgan “oxirgi imkoniyat”.
Yangi Zelandiyada tarif 10 dan 15 foizga ko‘tariladi. Mahalliy hukumat mazkur qarorni “AQSH bilan kichik savdo taqchilligiga nisbatan asossiz jazo” deb atadi.
Savdo siyosatining global oqibati
Yangi boj siyosati dunyo bo‘ylab kompaniyalarni AQSH bozoridagi xarajatini qayta hisoblashga majbur qilmoqda. Ekspertlar ayni jarayonda yuklamaning bir qismi oxir-oqibat iste’molchi zimmasiga tushishini ta’kidlamoqda.
Qo‘shma Shtatlarning sa’y-harakati savdo muvozanatini “AQSH foydasiga qayta tiklash”ga qaratilgan bo‘lsa-da, ayrim tahlilchilar bu choralar uzoq muddatli savdo munosabatiga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bilan birga bir necha davlat bojni kamaytirish bo‘yicha Vashington bilan muloqotga hozirlanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA