Majburiy talablarni qisqartirish orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratiladi

97

Mamlakatimizda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratiya va ma’muriy to‘siqlar bartaraf etilayotir. Aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda shu jihatlar e’tiborga olingan.

Qonun yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari talablari buzilganidan keyin huquqbuzar tomonidan jarima ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdoriga nisbatan imtiyoz qo‘llash amaliyotini joriy etish zarurati yuzaga kelayotganiga alohida urg‘u berdi.

Xuddi shunday jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarni maxsus elektron tizim vositasida rasmiylashtirish, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan chet el yuridik shaxslari tomonidan amalga oshirish borasida ayrim ochiq qolgan masalalarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”, “Eksport nazorati to‘g‘risida” va “Turizm to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Bojxona kodekslariga litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini soddalashtirishga, huquqbuzar tomonidan jarima ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda unga nisbatan imtiyozlar qo‘llanilishini, litsenziyalash tartib-taomillari davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA