Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy konferensiyada O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi

88

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida “Odam savdosiga qarshi kurashishda milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov ishtirok etdi.

Tadbir doirasida odam savdosi murakkab ijtimoiy-huquqiy muammo sifatida ko‘rib chiqilib, uning transmilliy uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq jihatlari muhokama qilindi. Anjumanda mintaqadagi vaziyat, qabul qilingan chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlikning ahamiyati va qo‘shma yechimlar yuzasidan fikr almashildi.

Senator o‘z chiqishida odam savdosiga qarshi kurashish masalasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, ushbu sohadagi qonunchilik bazasi takomillashtirilgani, jinoiy javobgarlik kuchaytirilgani, jabrlanuvchilarni aniqlash bo‘yicha milliy tizim joriy etilgani ta’kidlandi.

Senat Raisi rahbarligidagi milliy komissiya faoliyati, milliy ma’ruzachi instituti, xalqaro konvensiyalarning implementatsiyasi va mintaqaviy hamkorlikning kuchaytirilishi dolzarb ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Buxoro deklaratsiyasi va uning asosida tashkil etilayotgan an’anaviy konferensiyalar bu sohada samarali platformalardan biri ekani alohida e’tirof etildi.

Anjuman yakunlari bo‘yicha odam savdosiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, axborot va tajriba almashish, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish borasida aniq maqsadlar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA