Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

156

Bugun, 2025 yil 1 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda. Majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borayotgan yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, inson huquqlari sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar kiritilgan.

Jumladan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlarga doir qonunlar muhokama qilinadi.

Senat a’zolari tomonidan “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqiladi.

Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Bundan tashqari, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan esa tegishli vazirga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.

To‘qqizinchi yalpi majlisning kun tartibi davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sud-huquq sohalaridagi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan masalalarni qamrab olgan.

Yalpi majlis doirasida hukumat a’zolari, tegishli vazirlik va idora rahbarlarining axborotlarini eshitish hamda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borish rejalashtirilgan.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA