Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

142

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda: 

dam olish maskanlarida dam oluvchi ilg‘or pedagoglar va iqtidorli o‘quvchilar sonini shakllantirish hamda ushbu maskanlarga ularni qabul qilish;

yo‘llanmalar berish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;

ilg‘or pedagoglar hamda iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish mezonlarini belgilash;

iqtidorli o‘quvchilarni dam olish maskanlariga kelish va ketishlarini tashkil qilish tartibi belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, dam olish maskanlarini saqlash xarajatlari o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi xodimlari va fuqarolarga pulli xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik shaklida xususiy sektorni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ikki oy muddatda:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qiskartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlarining namunaviy shtatlar jadvalini ishlab chiqib, tasdiqlaydi;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi PQ-231-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi xodimlari, jumladan, pedagog kadrlar hamda iqtidorli o‘quvchilar uchun dam olish maskanlari faoliyatini tashkil etish belgilangan edi.

O‘zA