Voleybol: O‘zbekiston U-19 terma jamoasi jahon chempionatining 9-16-o‘rinlari uchun kurashadi
Mamlakatimizda davom etayotgan voleybol bo‘yicha U-19 erkaklar milliy terma jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionatining 1/8 final o‘yinlari ortda qoldi.
Kecha Toshkentdagi “Yunusobod“ sport saroyi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmualarida o‘tgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, 1/8 finalda oltita Yevropa va ikkita Osiyo terma jamoasi keyingi bosqich yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi.

Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston U-19 terma jamoasi guruh bosqichida 2 ta g‘alaba evaziga 4-o‘rinni egallab, 1/8 final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani e’tiborli bo‘ldi.
Voleybolchi yigitlarimiz 1/8 finalda jahon reytingida 3-o‘rinda turadigan Italiya termasi bilan ro‘baro‘ keldi. Yevropa mamlakati vakillari guruh bosqichida Ispaniya, Eron, Polsha kabi jamoalarni ortda qoldirib, guruhda 1-o‘rinni egallagan jamoa hisoblanadi.

Katta tajribaga ega italyanlar bilan mamlakatimizning endigina xalqaro maydonda tajriba to‘plab kelayotgan voleybolchilari o‘yin uslubidagi farq 3 ta setda ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Qaysidir vaziyatlarda O‘zbekiston U-19 terma jamoasi yevropaliklarni himoyalanishga ham majbur etdi. Biroq, tajriba va texnik-taktik ustunlik Italiya U-19 jamoasiga g‘alaba keltirdi. Italiya-O‘zbekiston-3:0.
1/8 finalda Bolgariya AQSH terma jamoasini teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda 3:2 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, Polsha Pokistonni xuddi shu hisobda 1/4 finaldan mosuvo etdi. Argentina Ispaniyani, Fransiya Braziliyani, Janubiy Koreya Xitoyni, Finlyandiya jamoasi Yaponiyani 3:0 ko‘rinishlarida taslim qildi. Eron va Belgiya o‘rtasidagi o‘yinda osiyoliklar yevropaliklarni 3:1 ko‘rinishida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikdan chiqarib yubordi.

Jahon chempionatining 17-24-o‘rinlari uchun o‘tkazilgan pley-off o‘yinlarida Turkiya Tunisni besh setda 3:2 holatida mag‘lub etdi. Puerto-Riko – Misr bahsi, shuningdek, Kuba – Jazoir “dueli”da 3:0 hisoblari qayd etildi. Kolumbiya Kanadani 3:1 hisobida taslim qildi va 17-20-o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatiga ega chiqdi.
Bugun, 31 iyul jahon chempionati dasturiga binoan dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga 1 avgust kuni 1/4 finalda Janubiy Koreya – Polsha, Fransiya – Italiya, Ispaniya – Bolgariya, Finlyandiya – Eron jamoalari kuch sinashsa, 9-16-o‘rinlar uchun kechadigan bahslarda O‘zbekiston – Braziliya, Xitoy – Pokiston, Argentina – AQSH, Bolgariya – Yaponiya jamoalari kurash olib boradi. 17-20-o‘rinlar uchun Turkiya – Kuba, Puerto-Rika – Kolumbiya to‘qnash kelsa, 21-24-o‘rinlar uchun Tunis-Jazoir, Misr-Kanada o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Chempionat 3 avgustga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA