Mikroplastik xavfi: suvda, tuproqda va hatto qonimizda
Dunyoda plastik mahsulotlar ishlab chiqarish rekord darajada ortib borayotgani olimlar va xalqaro tashkilotlarni tashvishga solmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 400 million tonnadan ortiq plastik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2000 yillar boshiga nisbatan ikki baravar ko‘p. Agar vaziyat o‘zgarmasa, 2060 yilga borib plastik mahsulotlarga bo‘lgan talab uch baravarga oshishi mumkin.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, faqat qayta ishlash orqali ayni muammoni yechib bo‘lmaydi. Hisobotlar chiqindilarning atigi 9 foizi qayta ishlanishi, 19 foizi yoqib yuborilishi, qolgan qismi esa tabiatga tashlanishini ma’lum qildi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, plastmassaning parchalanishiga 20 yildan 500 yilgacha vaqt ketadi, ammo u mikroplastik shaklida tuproq, suv va hatto inson tanasiga singiydi. Qiziq jihati, olimlar uni ichimlik suvida, ona sutida va hatto qon namunalarida aniqlagan.

Yevropa Ittifoqi so‘nggi yillarda bir martalik plastmassa mahsulotlarini taqiqlash, ortiqcha qadoqlashni kamaytirish va cheklov qo‘yish bo‘yicha qator choralarni amalga oshirdi. Shuningdek, bioasosli va parchalanadigan plastik alternativlarni ishlab chiqishga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Maqsad – 2030 yilgacha bozordagi barcha qadoqlarni 100% qayta ishlanadigan yoki qayta foydalaniladigan qilish.

Bundan tashqari, hozirda plastik ifloslanishga qarshi majburiy xalqaro shartnoma bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bunda ikki yondashuv shakllangan: biri plastmassaning butun hayot siklini qamrab oladigan keng qamrovli kelishuvni talab qilsa, keyingisi ba’zi davlatlar e’tiborni chiqindini boshqarish va qayta ishlashga qaratmoqda.
Ekspertlar fikricha, ekologik muammoni hal qilish uchun plastik iste’molini kamaytirish eng muhim qadamdir. Jenevadagi muzokaralar bu boradagi global kelishuv sari muhim minbar bo‘lishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA