Senat yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda
Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi ikkinchi ish kuni o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.
Yalpi majlis birinchi ish kunida aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Senat hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar muhokama qilindi.
Parlamentda siyosiy xilma-xillikni ta’minlash, ochiqlik va munozara muhitini rivojlantirish maqsadida muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda kafolat mablag‘larini joriy etish, iqtisodiy, agrar, ekologik va investitsiya sohalariga oid ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqildi.
Majlisning ikkinchi ish kunida xalqaro hamkorlikka oid masalalar doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish, shuningdek, Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunlar muhokama etiladi.
Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.
Yalpi majlisda investitsiya muhitini yaxshilash, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash hamda voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
O‘zA