Turkiyada 5,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

285

Bugun Turkiya Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi O‘rta yer dengizi sohilidagi Marmaris shahrida qayd etilgan 5,8 magnitudali zilzila haqida xabar berdi. Sarosimada jon saqlashga uringan kamida 69 kishi jarohatlangani aytilmoqda. Bu haqda “ABC news” yozdi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yer mahalliy vaqt bilan 02:17 da qimirlagani, qo‘shni hududlar, jumladan Gretsiyaning Rodos orolida ham sezilib, ko‘pchilik uyg‘onib ketganini ma’lum qildi.

Gubernator Idris Oqbiyik jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, jiddiy shikastlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil Turkiyada 7,8 magnitudali zilzila oqibatida 53 000 dan ko‘p odam halok bo‘lgan, janubiy va janubi-sharqiy 11 viloyatda yuz minglab bino vayron bo‘lgan. Bundan tashqari qo‘shni Suriyaning shimoliy hududlarida ham 6000 kishi bevaqt o‘lim topgan edi.

Musulmon Ziyo, O‘zA