Britaniya Rossiyaga qarshi kurashda xakerlar va sun’iy intellektdan foydalanadi

300

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi yangi qo‘mondonlik tuzmoqda. Mazkur tuzilmaning maqsadi Rossiya bilan kiber urush olib borish. Bu haqda “Telegraph” nashri yozgan.

– Britaniya harbiylari sun’iy intellekt va xakerlar jamoasi uchun 1 milliard funt sterlingdan ko‘proq mablag‘ sarflaydi, – degan qirollik mudofaa vaziri Jon Xili. – RF kabi davlatlarga qarshi kurashish uchun ko‘proq onlayn imkoniyat beriladi.

Gazeta yozishicha, sun’iy intellekt tizimidan faol foydalanadigan hujumkor amaliyot uchun maxsus yangi Kiber va Elektromagnit qo‘mondonlik yaratilmoqda. Buyuk Britaniyaning yangi hujumkor kiber qobiliyati tafsiloti esa sir saqlanadi.

– Xilining nutqi Britaniya tomonidan uyushtirilajak tajovuzkor xakerlik hujumlarining aniq tasdig‘i, – deya xulosa qiladi nashr.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi payt xakerlarning Rossiyaga nisbatan faolligi misli ko‘rilmagan darajada kuchaygan. Masalan, aprel oyi oxirida “Solar” kompaniyalar guruhi tahlilchilari 2025 yil birinchi choragida mahalliy veb-saytlarga qilingan hujum soni 801 milliongacha yetganiga e’tibor qaratgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘p. Eng ko‘p hujum logistika sanoati, davlat idoralari va bank tashkilotlariga yo‘naltirilgan.

S.Rahimov, O‘zA