Italiya Bosh vazirining mamlakatimizga tashrifi “NOVA news” nigohida

217

Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandga tashrifi tafsiloti ushbu davlatning “NOVA news” axborot agentligi tomonidan batafsil yoritildi.

Nashr oliy martabali mehmonning bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tomonlar energetika, tog‘-kon sanoati, madaniyat, qishloq xo‘jaligi singari o‘nga yaqin ustuvor sohalarda shartnomalar imzolanganiga e’tibor qaratgan.

– Aloqalarimiz qadimiyligini ifodalovchi, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar chorrahasi bo‘lgan Samarqandga tashrif buyurish imkoni ahamiyatini so‘z bilan ifodalashim qiyin, – deydi Meloni yurtboshimiz bilan ikki tomonlama uchrashuvda. – Biz imzolagan qo‘shma deklaratsiya strategik sheriklik, tashqi ishlar vazirlari va Qo‘shma iqtisodiy komissiya muloqoti jadallashishini anglatadi.

Italiya hukumati rahbari Samarqandga kecha yetib kelgan. Ko‘hna diyor Melonining Markaziy Osiyoga safarida ilk bekat, keyingi manzil –  Ostona shahri.

Qozog‘iston poytaxtida Italiya va mintaqaning besh davlati rahbarlari birinchi, tarixiy sammitda ishtirok etadi.

Darvoqe, 2024 yil O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida tovar ayirboshlash qiymati 455 million dollarni tashkil etdi. Rimlik ekspertlar fikricha, iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyat mavjud. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, metallga ishlov berish, energetika, tog‘-kon sanoati, infratuzilma va transport, ipak ishlab chiqarish hamda turizm ushbu mamlakat sarmoyadorlari uchun eng istiqbolli tarmoqlar sanaladi.

Bugun Meloni Qozog‘istonga jo‘nab ketadi. Ertaga 2019, 2021 va 2024 yillarda o‘tkazilgan formatda navbatdagi uch vazirlar uchrashuvida, so‘ngra birinchi Italiya –Markaziy Osiyo sammitida qatnashadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA