Meloni: O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlaymiz
“Ansa” axborot agentligi Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining “O‘zbekiston – strategik sherik, hamkorlikni yanada mustahkamlaymiz” sarlavhali bayonotini e’lon qildi.
– Munosabatlarimiz mustahkam, ancha vaqtdan beri a’lo darajada, – dedi Meloni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv doirasidagi matbuot anjumanida. – 2023 yildan boshlab strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qildik. Endi aloqalarni yanada mustahkamlaymiz. Hamkorlikni kuchaytirish zarur bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bor. Shu bois bugundan boshlab har ikki tomondan barcha ustuvor sohalar bo‘yicha aniq ish olib borish istagi namoyon bo‘lganidan xursandman. O‘zbekistonga, Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifimdan juda mamnunman. Menga va Italiya delegatsiyasiga ko‘rsatilgan o‘ziga xos qabul uchun minnatdorlik bildirmoqchiman: chinakam do‘stlik namunasi ko‘rsatildi. Aloqalarimiz muhim ahamiyatga ega. Yevropa va Osiyo chorrahasidagi Samarqandga tashrif men uchun beqiyos imkoniyatdir.
Maqolada, shuningdek, ikki tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgani, 2023 yil iyun oyida Rim shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
– Kompaniyalarimiz bundan keyin ham O‘zbekistonga sarmoya kiritishga tayyor, – dedi Italiya hukumati rahbari. – O‘zaro investitsiya jabhasidagi kelishuv migratsiya va kadrlar tayyorlash, madaniyat masalalariga tegishli bo‘lib, Turin politexnika, Piza va boshqa universitetlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda qishloq xo‘jaligi, energetika, muhim xom ashyo sub’ektlari bo‘yicha 360 daraja miqyosga ega hamkorlik rivojlanadi. O‘zbekiston juda muhim hamkorimiz.
Muharrama Pirmatova, O‘zA