Rossiya – Ukraina uchrashuvi qayerda o‘tadi?

200

Rossiya va Ukraina vakillarining tinchlik tashabbusi muhokama qilinadigan navbatdagi uchrashuvi Jenevada kechishi mumkin, dedi AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha vakili Keyt Kellog “Foks Nyus” telekanaliga bergan intervyusida.

– Fikrimizcha, keyingi uchrashuv Jenevada o‘tishi ehtimoli bor, – dedi u. – Biz tadbirni Vatikanda o‘tkazish istagida edik va bunga, deyarli, tayyor ham edik. Afsuski, rossiyaliklar bu tashabbusga qarshi chiqishdi. Shu bois muqobil manzil – Jeneva.

Ukraina delegatsiyasi bilan Istanbulda kechgan uchrashuvdan so‘ng Rossiya tomoni Kiyev bilan muzokarani davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Vladimir Zelenskiy Tramp bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Shveysariya va Vatikan bevosita muzokara manzili sifatida ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvalroq Vatikan ikki pravoslav davlat uchrashuviga mezbonlik qilishi noqulay va biroz “noto‘g‘ri” bo‘lishi, masalani katolik platformasida muhokama qilish ssenariysi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, kuni kecha Ukraina tomoni AQSHga RF bilan mojaroni hal qilish bo‘yicha, aniqrog‘i faqat o‘t ochishni to‘xtatishga tegishli takliflarini yetkazgan. Kiyev qolgan mavzularni bevosita muzokara davomida muhokama qilish kutilayotganini bildirgan.

Xususan, kecha Zelenskiy idorasi rahbari o‘rinbosari Igor Brusilo Ukraina televideniyesi efirida chiqish qilib, jumladan, shunday dedi:

– Amerika Ukrainadan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflarni oldi. Muzokara davrasiga o‘tirish imkonini beradigan bu tashabbus shartsiz amalga oshishi kerak. Keyingi bosqichlar, masalan mahbuslarni almashish jarayoni muloqot davomida tahlil etiladi.

Bundan tashqari Brusilo Ukraina Qrim, DXR, LXR, Zaporoje va Xerson viloyatlari qonuniy tan olinishini qabul qilib bo‘lmasligiga e’tibor qaratgan.

S.Rahimov, O‘zA