AQSH va Rossiya vakillarining dahanaki jangi

203

AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellog Rossiyaning sobiq Prezidenti, RF Xavfsizlik kengashi boshlig‘i o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning bayonotiga izoh berdi.

Medvedev Trampning Vladimir Putin “olov bilan o‘ynashyapti” mazmunidagi bayonotiga javoban “Uchinchi jahon urushi yuz berishi mumkinligi”ni iddao qilgan.

Kellog Medvedevning izohini “beparvolik” deb hisobladi.

– Trampning Rossiya bilan yaxshi voqealar sodir bo‘lmasligi haqidagi chiqishi to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, men bir xunuk oqibatni bilaman, – deb yozgan rus mulozimi ijtimoiy tarmoqda. – Bu ham bo‘lsa, uchinchi jahon urushi. O‘ylashimcha, Tramp buni tushunadi.

Kellogning javobi esa quyidagi mazmunni beradi:

– Dmitriy Medvedevning Uchinchi jahon urushi qo‘rquvini uyg‘otishga qaratilgan muvaffaqiyatsiz, beparvo sharhi hozirgi zamonga mos kelmaydi. Prezident Tramp urushni to‘xtatish, xunrezlikni tugatish ustida ishlayapti. Biz bir hafta oldin va’da qilingan memorandumni kutyapmiz. Olovni darhol to‘xtating!

Umuman, Tramp rossiyalik hamkasbini so‘nggi kunlarda bir necha bor tanqid qildi.