Maqsad – iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, vatanparvar va barkamol avlodni shakllantirish
Senat yalpi majlisida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish masalasiga e’tibor qaratildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz tomonidan maktab ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar, ko‘zlangan maqsad va marralar umummilliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu ma’noda ularning to‘laqonli amalga oshirilishida nafaqat tegishli vazirliklar, balki har birimiz mas’ulmiz. Ayniqsa biz, senatorlar, qolaversa mahalliy kengashlar deputatlaridan katta mas’uliyat talab qilinadi.
Maqsad yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va, eng asosiysi, vatanparvar va barkamol avlodni shakllantirishdan iborat.
O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, san’at, fan va texnologiyaga keng jalb qilish zarur, umuman olganda, yoz mavsumida birorta ham ta’lim maskani bo‘sh turmasligi kerak. Qabul qilingan tegishli hujjatlar ijrosi bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralardan mas’uliyat talab qilinadi.
–Siz-u bizning vazifamiz qo‘yilgan vazifalar hududlarda, tegishli soha va tarmoqlarda o‘z vaqtida va lozim darajada bajarilishi, kutilgan natijalarga erishilishini nazorat qilish, qolaversa, bu ishlarda faol ishtirok etishdir. Mas’ul qo‘mitalar, doimiy komissiyalar hamkorlikda muntazam o‘rganishlar, tahlillar, muhokamalar (eshituvlar, so‘rovlar) o‘tkazib borishlari zarur, – dedi Senat Raisi.
N.Abduraimova,
O‘zA