Fuqarolar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar sudga qadar hal etilishiga xizmat qiladigan qonun ma’qullandi
Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni barpo etish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar natijasida Konstitutsiyada ham inson, xususan, jabrlanuvchi huquqlari kafolatlari belgilangan.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.

Majlisda bugungi kunda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgani va soni keskin kamaygani qayd etildi. Shu bilan bir vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddasida ayni bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu bois, ushbu qonun ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyatidan, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda ma’muriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, ayni bir qilmish, ya’ni tamaki mahsulotini belgilanmagan joylarda iste’mol qilish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik alohida modda (561-modda)da aks ettirilmoqda.
Bundan tashqari, kodeksning ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishga jabrlanuvchining arizasi bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning boshqa moddalariga ham yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan hamda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturidan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun inson huquqlari kafolatlari kuchayishi, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik prinsipiga amal qilinishi ta’minlanishi hamda mas’ul davlat organlari ish yuklamasining kamayishi, fuqarolar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar sudga qadar hal etilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA